TEK GRUP_logo

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Turkiya Respublikasiga xizmat safari doirasida TEK Grup Saglik Hizmetleri hamda Atabay kompaniyalari rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Safar doirasida TEK Grup kompaniyasi rahbariyati bilan ham alohida uchrashuvlar o‘tkazilib, unda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining salohiyati, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, ilmiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bo‘yicha batafsil taqdimot o‘tkazildi.

Uchrashuvlar davomida Euro GMP standartlariga muvofiq ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot faoliyati, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar farmatsevtika sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanini bildirdi.

Xususan, Atabay kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy distributori hisoblangan TEK Grup dori vositalarini yetkazib berish, sifat nazorati va ilg‘or farmatsevtika tajribalarini joriy etishda muhim hamkor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Turkiya tomoni O‘zbekistonning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini yuqori baholab, farmatsevtika sohasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi. Mazkur xizmat safari xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda milliy farmatsevtika sanoatining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.